Litsenziyalarni qanday muddatlarga olish mumkin?

Avtotransport faoliyati ko`rsatish huquqini beruvchi litsenziyalar 5 yildan kam bo`lmagan muddatga beriladi. Litsenziyaning amal qilish muddati u berilgan kundan boshlab hisoblanadi. Shuningdek, litsenziya bilan birga har bir avtotransport vositasiga litsenziya varaqasi ham beriladi. Har bir avtotransport vositasiga litsenziya varaqasi mulkka egalik huquqi yoki ijara shartnomasining muddatiga qarab beriladi.

Litsenziya uchun davlat boji qancha miqdorda to`lanadi?

Avtotransportda shahar, shagar atrofi, shaharlararo va xalqaro tashuvlarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilganligi uchun davlat boji O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 14-iyuldagi 138-son qarori 2-ilovasiga asosan undiriladi. Mazkur qarorning davlat boji bilan bog`liq qismiga oxirgi marta O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2009-yil 22-dekabrdagi PQ-1245-son Qarori bilan o`zgartirish kiritilgan.
Unga ko‘ra davlat boji miqdorlari litsenzilanayotgan avtotranport vositasinig sig‘imiga (yo‘lovchi o‘rni va yuk ko‘tarish quvvati) hamda qaysi faoliyat turi bilan shug`ullanishiga bog‘liq.
Davlat boji miqdorlari bir yil hisobida AQSh dollarida belgilangan bo`lib, to`lovlar to`lov amalga oshirilayotgan kundagi Markaziy bank tomonidan belgilangan kurs bo`yicha amalga oshiriladi.
Litsenziya olish uchun litsenziya da`vogari litsenziyalash bo`limiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari lozim:

Litsenziya olish uchun qanday hujjatlar taqdim eish kerak?

• Yuridik shaxs uchun - yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, joylashgan joyi (pochta manzili), bank muassasasining nomi va bankdagi hisob raqami; jismoniy shaxs uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda - familiyasi, ismi, otasining ismi, pasportga oid ma`lumotlar va haydovchilik guvohnomasi; faoliyatning litsenziyalanadigan turi (yoxud uning bir qismi) va faoliyatning mazkur turi amalga oshiriladigan muddat ko`rsatilgan holda litsenziya berish to`g`risidagi ariza;
• Yuridik shaxs uchun - yuridik shaxsning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning nusxasi; jismoniy shaxs uchun yuk tashish huquqiga litsenziya olishda - yakka tartibdagi tadbirkorning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi guvohnomaning nusxasi;
• Mavjud avtotransport vositalarining mulk huquqi, boshqa ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomalari to`g`risidagi ma`lumotlari, shuningdek Yo`l harakati xavfsizligi davlat xizmatining tegishli bo`linmasi tomonidan berilgan avtotransport vositasining texnik jihatdan soz ekanligi to`g`risida belgi qo`yilgan avtotransport vositasi texnik pasportining yoki avtotransport vositalari guruhi texnik ko`rikdan o`tkazilganligi dalolatnomasining nusxasi;
• Litsenziya talabgorida haydovchilarni tibbiy ko`rikdan va avtotransport vositalarini texnik ko`rikdan o`tkazish yoxud litsenziya talabgorining tegishli ixtisoslikdagi tashkilot bilan unga tibbiy ko`rik va texnik ko`rikdan o`tish imkoniyati berilishi to`g`risidagi shartnomasi nusxasi mavjudligi haqidagi ma`lumotlar;
• Yuk tashish huquqiga litsenziya olishda yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs xodimlari malakasining belgilangan talablar va shartlarga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;
• Yuridik shaxslar uchun - yuridik shaxsning yo`l harakati xavfsizligi ta`minlanishi uchun mas`ul bo`lgan mansabdor shaxslarining tegishli attestasiyadan o`tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari;
• Litsenziya talabgori tomonidan ariza ko`rib chiqilganligi uchun yig`im to`langanligini tasdiqlovchi hujjat.
• Hujjatlar litsenziyalovchi organga bevosita yoki qabul qilingani ko`rsatiladigan tarzda pochta aloqa vositalari orqali yetkakziladi.
• Hujjatlar ro`yxat vilan qabul qilinadi va uning nusxasi hujjat qabul qilib olingan qayd etilgan holda ariza egasiga jo`natiladi (topshiriladi).

Litsenziya olish uchun taqdim etilgan hujjatlar qancha muddatda ko`rib chiqiladi?

Litsenziya talabgoriga avtomobil transportida yo`lovchilarni hamda yuklarni tashishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to`g`risidagi qaror litsenziya talabgorining arizasi barcha zarur hujjatlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab o`n besh kundan ortiq bo`lmagan muddatda qabul qilinadi. Litsenziyalovchi organ litsenziya talabgorini qaror qabul qilingani to`g`risida qaror qabul qilingandan keyin uch ish kuni mobaynida xabardor qiladi.

Litsenziya berish rad etilgan taqdirda litsenziya talabgorining arizasi qayta ko`rib chiqilishi mumkinmi?

Litsenziya berishni rad etilgan taqdirda rad etish to`g`risidagi bildirishnoma litsenziya talabgoriga yozma shaklda yuboriladi. Bildirishnomada litsenziya talabgoriga rad etishning aniq sabablari va litsenziya talabgorining ko`rsatib o`tilgan sabablarni bartaraf etib hujjatlarni takroran ko`rib chiqishga taqdim etishi lozim bo`lgan muddat ko`rsatiladi. Litsenziya talabgorlarining arizalari takroran ko`rib chiqilganligi uchun yig`im undirilmaydi. Litsenziya berish rad etilganligi to`g`risidagi bildirishnomada ko`rsatilgan muddat o`tgandan keyin berilgan ariza yangidan berilgan ariza hisoblanadi.

Men yo'nalishsiz taksi uchun TTA nomerini oldim. Lekin taksometr o'rnatilmasa litsenziya berilmaydi, deyishdi. Shu to'g'rimi? Men hozir taksi faoliyati bilan shug'ullana olamanmi?

Haqiqatan ham yo‘nalishsiz taksilarga taksometrlar o‘rnatilmasa litsenziya varaqalari berilmaydi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi «Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 139-son qarorining 2-bandida 2012-yil 1-yanvardan boshlab yagona tanish belgilari bilan jihozlanmagan, tashqi va ichki ma’lumotlarga ega bo‘lmagan yo‘nalishsiz taksilarga litsenziyalar berilishi taqiqlangan. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan «Yo‘nalishsiz taksilar uchun yagona tanish belgilari va ularning ishlarini tashkil etishga qo‘yiladigan talablar to‘g‘risida Nizom»ga ko‘ra hisoblagich (taksometr) yagona tanish belgilaridan biri deb hisoblanadi va yo‘nalishsiz taksilarni ichki ma’lumotlar bilan jihozlashga kiradi. Yo‘nalishsiz taksi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun avtomobilingizning Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-son qarorining talablariga javob berishini ta’minlashingiz lozim.

Men Damas avtomashinasida Toshkent shahrida yo'lovchi tashish bilan shug'ullanmoqchi edim. Litsenziya olishim mumkunmi?

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 18-maydagi 139-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan yengil avtomobillarda taksi faoliyatini amalga oshirish uchun quyidagi talablar qo‘yilgan: 1. Toshkent shahrida taksi faoliyatini amalga oshirish uchun avtotransport vositalari "fil suyagi" rangida bo‘lishi; 2. Yo‘nalishsiz taksilar uchun mo‘ljallangan maxsus seriyadagi avtotransport vositasining davlat raqam belgisi mavjudligi; 3. Avtotransport vositasining tepasiga o‘rnatilgan to‘q sariq rangli fonarda "TAXI" tanish belgisi; 4. Shaxmat tartibida joylashtirilgan qora kvadratlardan iborat bo‘lgan kompozitsiya va avtotransport vositasining oldingi eshiklaridagi "T" harflari mavjudligi; 5. Avtotransport vositasining oldingi eshiklaridagi yuridik shaxs — tashuvchining nomi bo‘lishi. Agar sizning “DAMAS” rusumli avtotransport vositangiz yuqorida ko‘rsatilgan talablarga ko‘ra jihozlansa, o‘rnatilgan tartibda litsenziya olishingiz mumkin.

Men o‘z avtomobilimda yo‘nalishsiz taksi xizmatini ko‘rsataman, litsenziyamda “shahar atrofida” deb yozilgan. Men shahar ichida transport xizmati ko‘rsatishim mumkinmi?

O’zbekiston Respublikasining “Avtomobil transporta to‘g‘risida”gi qonuni (29.08.1998-y. №674-1) 7-moddasida avtomobilda tashish turlari ko‘rsatib o‘tilgan. Shahar atrofidagi tashishlar jumlasiga shahar yoki shahar posyolkasi chegaralari doirasidan ellik kilometrgacha tashqarida amalga oshiriladigan tashishlar kiradi. Shahardagi (shahar ichida) tashishlar jumlasiga shahar yoki shahar posyolkasi chegaralari doirasida amalga oshiriladigan tashishlar kiradi. Yuqorida ko‘rsatib o‘tilganlardan kelib chiqqan holda Siz “shahar atrofi” litsenziyasi bilan “shahar ichida” tashish faoliyatini amalga oshira olmaysiz..

Нетрогать